25 Dekabr 2024 81

Andijonda sportning rivojlanish holati ishchi guruh eʼtiborida

Avval maʼlum qilganimizdek, shu kunlarda hududlar boʻylab sport infratuzilmasi va sohaning rivojlanish holatini oʻrganish boʻyicha ish olib borilmoqda. Sport vazirligi va MOQ mutasaddilarining navbatdagi manzili Andijon viloyati boʻldi. Rasmiylarga viloyat hokimi Shuhratbek Abduraxmanov hamrohlik qildi.

Dastlab ishchi guruh Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasiga tashrif buyurdi. Butkul yangicha qiyofa ochgan arena joriy yil futzal boʻyicha jahon chempionatining 8 ta uchrashuviga mezbonlik qildi. Hozirgi kunda majmuada jamoaviy sport turlari bilan shugʻullanish uchun qulay imkoniyat mavjud. Mutasaddilar oʻrganish ishlari davomida mazkur jihatni ham inobatga olgan holda yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda ushbu arena imkoniyatlaridan foydalanish, qolaversa, unda Respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni oʻtkazish borasidagi takliflarni ilgari surishdi. Bundan tashqari, Baliqchi va Asaka tumanlaridagi BOʻSM va IBOʻSMlarning ham faoliyati oʻrganildi.

Shundan soʻng viloyatdagi asosiy sport taʼlim muassasasi boʻlgan Andijon Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi ishchi guruh eʼtibor markazida boʻldi. Rasmiylar markazda tahsil olayotgan yoshlarning dars jadvallari va ularga yaratilgan sharoitlar bilan batafsil tanishishdi. Shundan soʻng viloyat hokimligi, sport boshqarmasi hamda federatsiyalarning hududiy vakillari bilan yigʻilish oʻtkazildi. Unda Andijon boks maktabining shuhratini yanada yuksaltirish, bir paytlar viloyatda Sobiq Ittifoq miqyosida katta mavqega ega boʻlgan chim ustida xokkey sportini tiklash borasida ham soʻz bordi.

Andijon viloyatining yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik rejasi tahlil qilingan ushbu suhbatda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga hozirlik koʻrish borasida kompleks choralar muhokama qilindi. Yakunda hududiy vakillarning mavzu yuzasidan takliflari oʻrganilib, oliy sportdagi natijalarni oshirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Text to speech