25 Dekabr 2024 156

Rasmiylar Namangan viloyatidagi sport infratuzilmasi va sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdi

Sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilarining Respublikamiz hududlari boʻylab olib borayotgan oʻrganish ishlari davom etadi. Ishchi guruh Namangan viloyatining sport sohasidagi infratuzilmasi va yoshlarga bu borada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Safar davomida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazakov rasmiylarga hamrohlik qildi.

Davlatobod tumani dastlabki manzilga aylandi. U yerdagi sport maktabi va yangi barpo etilgan sendvich panelli dzyudo zali mutasaddilar eʼtiborida boʻldi. Namangan dzyudo maktabi milliy terma jamoaga jahon chempionati sovrindori Obidxon Noʻmonovni yetishtirib bergan. Shu sababli viloyat yoshlari orasida dzyudoga qiziqish va ushbu sport bilan shugʻullanuvchilar soni sezilarli darajada oshdi. Suhbatda Noʻmonov singari iqtidorli sportchilarni saralash, ular bilan ishlash borasida fikr almashildi.

Safar davomida yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi, jahon standartlariga javob beradigan “Okean” suzish havzasi ham koʻzdan kechirilib, u yerdagi sharoitlar oʻrganildi. Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida muassasa faoliyati tahlil qilingach viloyat hokimligi, sport boshqarmasi, federatsiyalarning hududiy vakillari ishtirokida yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik va 2025-yil uchun rejalar koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻradigan namanganlik sportchilar roʻyxati koʻrib chiqilib, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida tavsiyalar berildi. Shuningdek, hududiy mutaxassislar bilan sport maktablarining faoliyatini yanada jonlantirish, undagi murabbiylar malakasini oshirish borasidagi ishlar belgilab olindi.

Text to speech