24 Dekabr 2024 138

Qudratilla Rafikov Oʻzbekiston suzish federatsiyasi raisi etib saylandi

Yangi Olimpiya siklida oʻz oldiga ulkan maqsadlar qoʻygan Oʻzbekiston suzish federatsiyasining ham navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Kun tartibidan federatsiyaga yangi rahbar saylash masalasi oʻrin oldi.

Suzish Olimpiya oʻyinlarida salmoqli yoʻllanma va medallar oʻynaladigan sport turlaridan hisoblanadi. Shu bois, federatsiya moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, mazkur yoʻnalishlarda oʻzbekistonlik atletlarga yanada qulay imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Qayd etish joiz, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan soʻnggi yillarda hududlarda suv sporti turlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Toshkent shahrida jahon standartlariga mos keladigan 50x25 metr oʻlchamdagi havzalar foydalanishga topshirildi. Qashqadaryoda ayni paytda navbatdagi obyekt – zamonaviy suv sport turlari saroyi qad rostlayotgan boʻlsa, Toshkent viloyatida yana bir suzish havzasi qurilishi loyihalashtirilyapti.

Federatsiyaning avvalgi rahbari Q.Sanoqulov mamlakat gandbol federatsiyasi boshqaruviga oʻtgani va yuqoridagi jihatlarni inobatga olgan holda, suzish federatsiyasi rahbari lavozimiga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Rafikov Qudratilla Mirsagatovich nomzodi ilgari surildi. Tadbirda qatnashgan delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va Q.Rafikov mamlakat suzish federatsiyasi raisi etib saylandi.

Tadbir davomida federatsiyaning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejasi batafsil koʻrib chiqildi. Bunda terma jamoalarga xorijlik malakali murabbiylarni jalb etish, seleksiya yoʻnalishiga koʻproq ahamiyat berish kabi mavzular muhokama markazida boʻldi. Shuningdek, suzish, suv polosi, suvga sakrash va sinxron suzish dasturlarida atletlarimizning Olimpiada yoʻllanmalari uchun imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Text to speech