24 Dekabr 2024 124

Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi rahbariyatida oʻzgarish

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Sport vazirligi va MOQ rahbariyati ishtirokida mamlakat gandbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etildi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylandi va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejasi koʻrib chiqildi.

Boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga jamoaviy sport turlarida koʻproq litsenziya olish Oʻzbekiston delegatsiyasi oldidagi ustuvor vazifalardan sanaladi. Shu bois, mazkur yoʻnalishdagi sport federatsiyalarining faoliyatini jonlantirish talab etilardi.

Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ning bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Sanoqulov Quvondiq Sanoqulovich nomzodi Oʻzbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi. Oʻz navbatida, Sport vaziri Adham Ikramov sport sohasida ham ulkan tajribaga ega boʻlgan, bir necha yillar davomida mamlakat suzish federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan Quvondiq Sanoqulovich haqida iliq fikrlar bildirib oʻtdi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va Q.Sanoqulov mamlakat gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.

Yigʻilish davomida Oʻzbekiston gandbol federatsiyasining Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejasi atroflicha koʻrib chiqildi. Unda rasmiylar boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida jamoaviy sport turlarida ham yoʻllanma olish muhim ekani, buning uchun barcha terma jamoalarimizga kerakli sharoitlar yaratib berilishi haqida toʻxtalib oʻtishdi. Taqdimotda erkaklar va ayollar terma jamoalarimizning bu boradagi imkoniyatlari oʻrganildi.

Text to speech