24 Dekabr 2024 1365

Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Federatsiyaga yangi rahbar saylanib, yangi Olimpiya sikli uchun rejalar koʻrib chiqilgan mazkur tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Mudofaa vazirligi va mamlakat oʻq otish federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻq otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 381-son Qarorining mohiyati inobatga olingan holda federatsiya faoliyatini yanada kuchaytirish talab etilar edi. Shundan kelib chiqqan holda konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasi raisligiga Mudofaa vaziri, general-mayor Xalmuxamedov Shuxrat Gʻayratdjanovich nomzodini ilgari surishdi. Nomzod delegatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi va Sh.Xalmuxamedov mamlakat oʻq otish federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.

Shuxrat Gʻayratdjanovich bildirilgan ishonchni oqlashga, mamlakatimizda ushbu sport ommaviyligini yanada oshirish va oliy sportda merganlarimiz ulkan yutuqlarga erishishi uchun bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini bildirdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasining Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejasi koʻrib chiqildi. Unda sportchilarimizni litsenzion musobaqalarga tayyorlash, terma jamoa moddiy texnik-bazasini yanada yaxshilash borasida tavsiyalar ilgari surilib, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olindi.

Text to speech