21 Dekabr 2024 63

Rasmiylar Buxorodagi sport taʼlim muassasalarining faoliyatini oʻrganishdi

Sport vazirligi hamda MOQ rahbariyatining viloyatlar boʻylab hududlardagi sport infratuzilmasini oʻrganish ishlari davom etadi. Kunning birinchi yarmida rasmiylar Buxoro viloyatidagi asosiy sport muassasalariga tashrif buyurib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishishdi. Mutasaddilarga viloyat hokimi Botir Zaripov hamrohlik qildi.

Dastlabki manzil “Universal” sport majmuasi boʻldi. Qayd etish joiz, ushbu obyekt joriy yil zamonaviy qiyofa ochdi. Kompleks sentyabr-oktyabr oylarida futzal boʻyicha jahon chempionatining 17 ta oʻyinini qabul qildi. Bugungi kunda majmua jamoaviy sport turlari bilan shugʻullanish uchun katta qulayliklarga ega. Oʻrganish davomida mazkur arenaning imkoniyatlardan foydalangan holda koʻproq xalqaro musobaqalar tashkil etish, bu orqali sport turizmini shakllantirish va buxorolik yoshlarga sport ruhini ulashish kabi mavzular koʻrib chiqildi.

Buxoro Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi keyingi manzilga aylandi. Mutasaddilar ushbu taʼlim muassasasini toʻlaligicha koʻzdan kechirilib, u yerda tahsil olayotgan yoshlar bilan suhbatlashishdi. Shuningdek, markazning moddiy texnik bazasi, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilindi. Shu yerning oʻzida viloyat hokimligi, sport boshqarmasi, federatsiyalarning hududiy vakillari bilan 2025-yil va yangi Olimpiya sikli uchun tuzilgan rejalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Buxoro viloyatiga tashrif davomida Gʻijduvon tuman sport maktabi galdagi manzil boʻldi. Rasmiylar maktab faoliyati va mashgʻulotlar jadvali qatori tibbiyot boʻlimidagi sharoitlarni ham eʼtibordan chetda qoldirishmadi. Viloyat futbol akademiyasi ham koʻzdan kechirilib, mutaxassislar bilan ish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar oʻrganildi. Mutasaddilar bugun Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi asosiy taʼlim muassasalarini ham oʻrganishlari koʻzda tutilgan.

Text to speech