20 Dekabr 2024 156

Jahon chempionatlarida shohsupaga koʻtarilgan yosh atletlarimiz taqdirlanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 114-son Qaroriga binoan har yili Olimpiya va Paralimpiya sport turlari boʻyicha oʻsmirlar, yoshlar va kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida sovrindor boʻlgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan murabbiylar bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi. Bugun poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida dunyo birinchiliklarida shohsupaga koʻtarilgan yosh atletlarimiz va ularning trenerlariga pul mukofotlari topshirildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respubilkasi Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, yosh sportchilarimiz hamda ularning ustozlari ishtirok etishdi. Marosim avvalida soʻz olgan rasmiylar oʻzbek sportining kelajagi boʻlgan yoshlarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutlab, ularga kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiliklari va Olimpiya oʻyinlarida ham shohsupaga koʻtarilishlarini tilashdi.

Shundan soʻng jahon chempionatlarida shohsupaga koʻtarilgan 45 nafar sportchi va ularning murabbiylariga pul mukofotlarining sertifikatlari taqdim etildi. Prezident qaroriga muvofiq, oltin, kumush va bronza medali sohiblari mos ravishda 3500, 1750 va 875, ularni tayyorlagan trenerlar esa 2000, 1000 va 500 AQSh dollari miqdorida taqdirlanishdi.

Text to speech