IJF dzyudo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritmoqda
Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJf) tomonidan Turkiyaning Istanbul shahrida hakamlar va murabbiylar uchun xalqaro seminar tashkil etildi. Unda yangi Olimpiya siklida amalga tatbiq etiladigan qoidalar haqida batafsil tushuntirish berildi. Seminarda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hakamlar hayʼati va terma jamoa murabbiylar shtabi vakillari ishtirok etishdi.
Yangi qoidalarda bir qator oʻzgarishlarni uchratish mumkin. Ularning eng asosiylari sifatida avvalgidek bir qoʻl bilan raqib oyogʻiga hujum qilishga ruxsat berilishi, Rio-2016 sikligacha amal qilgan yuko bahosining qaytishini koʻrsatish mumkin. Qolaversa, usullarni baholash, hujum va himoyadagi qoida buzilishi uchun beriladigan ogohlantirishlarda ham baʼzi bir oʻzgarishlar bor. Yangi qoidalar, 2025-yilning fevral oyida Parij shahrida oʻtishi koʻzda tutilgan “Katta dubulgʻa” turniridan joriy etiladi.