18 Dekabr 2024 114

Rasman: 2025-yilgi Islom birdamligi oʻyinlari Ar-Riyodda oʻtkaziladi

Ayni kunlarda Albaniya poytaxti Tirana shahrida Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA)ning navbatdagi Sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda kelasi yil oʻtkazilishi koʻzda tutilgan Islom birdamligi oʻyinlarining mezbonligi va tashkilotning kelgusidagi faoliyatiga oid masalalar koʻrib chiqilyapti. Mazkur tadbirda Oʻzbekiston MOQ nomidan Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ham ishtirok etmoqda.

Yigʻilishda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod kelasi yil Islom birdamligi oʻyinlariga mezbonlik qilishi rasman tasdiqlandi. Boʻlajak musobaqa 7-21-noyabr kunlariga belgilangan. Uning dasturidan 13 ta Olimpiya, 4 ta noolimpiya, 3 ta Paralimpiya va 1 ta milliy sport turi oʻrin olgan. Dasturga koʻra, bugun xalqaro tashkilotning Ijroqoʻm yigʻilishi va Bosh Assambleyasi oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi Islom birdamligi oʻyinlari 2022-yil Turkiyaning Konya shahrida oʻtkazilgan boʻlib, unda Oʻzbekiston delegatsiyasi 56 ta davlat orasida 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan soʻng faxrli ikkinchi oʻrinni egallagan edi.

Text to speech