10 Iyul 2021 1980

Litsenziat dzyudochilarimiz va ularning murabbiylari taqdirlanishdi

Turizm va sport vazirligida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan dzyudochilar hamda ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, dzyudochilar, ularning ota-onalari, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab Abdujabbor Abduvohidov dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi Gulnoza Matniyazovani mukofotlash to‘g‘risidagi Prezident Farmonini o‘qib eshittirdi hamda unga “Shuhrat” medalini topshirdi.

Tantanali marosimda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining 10 nafar (7 erkak, 3 ayol) litsenziati hamda ularning murabbiylariga bir martalik pul mukofotlari topshirildi. Belgilanganidek, dzyudochilar 100 mln, ularning murabbiylari 50 mln so‘mlik sertifikatlarni qabul qilib olishdi. Dzyudochilar nomidan so‘zga chiqqan Davlat Bobonov, Gulnoza Matniyazova, terma jamoa murabbiyi O‘ktam Rahmonov bildirilgan yuksak ishonchni oqlash uchun Olimpiadada bor imkoniyatlarini ishga solishga vaʼda berishdi.

Tadbir yakunida MOQ raisi sportchilarimiz bilan alohida suhbatlashib, ularga bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyat tilab o‘tdi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston dzyudosi tarixida ilk bor terma jamoamizning 10 nafar aʼzosi Olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qiladi. Shuningdek, jamoaviy mikst (aralash jamoaviy) bahslarida ham ilk bor ishtirok etamiz. Terma jamoamiz delegatsiyasi ertaga Yaponiyaning Maydzuru shahriga jo‘nab ketadi. Olimpiadaga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichi aynan Kunchiqar yurtda o‘tkaziladi.

Text to speech