Sport vazirligi hamda MOQ rahbariyati ishtirokida Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi
Bugun sport vazirligida Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Dastavval, Adham Ikramov jarayonning umumiy holati bilan tanishdi. Sherzod Tashmatov yangi Olimpiya siklida terma jamoalardagi litsenziyalarga daʼvogar sportchilar, ularning imkoniyatlari borasida maʼlumot berdi. Yigʻilish davomida Oybek Omilovich hududlarda olib borilayotgan oʻrganish ishlari xulosasi boʻyicha fikrlarini bildirdi.
Yakunda iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish, terma jamoalarning moddiy texnik-bazasini yaxshilash, sportchilarga doimiy ravishda mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish kabi vazifalar, qolaversa, Oʻzbekiston delegatsiyasini Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash boʻyicha ishlab chiqiladigan Prezident Qarori loyihasi uchun muhim yoʻnalishlar belgilab olindi.