Xorazm viloyatidagi sport infratuzilmasi ham o‘rganildi
Sport vazirligi hamda MOQ rahbariyati tomonidan olib borilayotgan o‘rganish ishlari navbati Xorazm viloyatiga yetib keldi. Rasmiylarga bu jarayonda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Murodjon Achilov hamrohlik qildi.
Xorazm safari Gurlan tumanidagi sport maktabini o‘rganish bilan boshlandi. Shundan so‘ng Yangibozor tumanidagi kurash mahorati maktabi, Urganchdagi “Yoshlik” sport majmuasi ham ko‘zdan kechirildi. Bunda har bir hududda bo‘lgani kabi mazkur muassasalarining faoliyati, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar batafsil ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, asosiy terma jamoalarga ko‘plab iqtidorli atletlarni yetishtirib berayotgan Urganch Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi ham e’tibordan chetda qolmadi. O‘rganish ishlari davomida markazning holati, qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, tibbiyot bo‘limi va mashg‘ulotlar jadvali bilan batafsil tanishildi.
Safar yakunida viloyat hokimligi, sport boshqarmasi mutasaddilari, federatsiyalarning hududiy vakillari bilan yaqin va o‘rta davr uchun rejalar, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoni, unda ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan jihatlar borasida uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat davomida xorazmlik mutaxassislarning takliflari o‘rganilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.



















