13 Dekabr 2024 1352

Oʻrganish ishlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi navbatdagi manzil boʻldi

Sport sohasi rasmiylarining oʻrganish ishlari mamlakatimizning shimoliy hududlarida davom etmoqda. Bugun mutasaddilar Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi sport taʼlim muassasalarini koʻzdan kechirdilar. Safar davomida rasmiylarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sport vaziri Adilbek Allanazarov hamrohlik qildi.

Dastlabki manzil qoraqalpoq va oʻzbek sportiga koʻplab iqtidorli yoshlarni yetishtirib bergan Nukus Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi boʻldi. Ish muassasa faoliyati va uning moddiy-texnik bazasini oʻrganish bilan boshlandi. Shundan soʻng u yerda taʼlim olayotgan yosh oʻquvchilar bilan uchrashib, dars jarayonlari, ularning rejalari borasida suhbatlashildi.

Qayd etish joiz, qoraqalpoq zamini dzyudo, sport kurashlari, qilichbozlik, ogʻir atletika kabi yoʻnalishlarda asosiy terma jamoaga kuchli atletlarni yetishtirib bergan. Shu bois, mazkur sport turlariga ixtisoslashgan Xoʻjayli tuman sport maktabi, Nukus oliy sport hamda yakkakurash turlariga ixtisoslashgan sport maktablari ham koʻzdan kechirildi.

Oʻrganish ishlari yakunida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev, Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va soha mutasaddilari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda hududiy federatsiyalarning ish faoliyatini kuchaytirish, jamoaviy sport turlariga ham eʼtibor qaratish, yangi Olimpiya siklida terma jamoa tarkibiga nomzod sportchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kabi mavzularda maslahat berildi va bu borada mahalliy mutaxassislarning taklif va tavsiyalari tinglandi.

Text to speech