13 Dekabr 2024 1328

Los-Anjeles-2028: Eʼtibor markazida Oʻzbekiston ogʻir atletika va yengil atletika federatsiyalarining rejalari

Fargʻonadan qaytgan MOQ rahbariyati kecha kunning ikkinchi yarmida Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan Oʻzbekiston ogʻir atletika va yengil atletika federatsiyalarining taqdimoti bilan tanishdi. Dastlab ogʻir atletika federatsiyasining bu boradagi rejalariga nazar tashlandi.

Taqdimot bilan Sport vazirining oʻrinbosari, mamlakat ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov tanishtirdi. Unda Shahrullo Sharipovich mahalliy musobaqalar orqali iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularning xalqaro turnirlardagi ishtirokini taʼminlash, murabbiylarning bilim va koʻnikmalarini oshirish lozimligi borasida toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, terma jamoaga jalb etilgan misrlik mutaxassis Xolid Hasan ham mavzu boʻyicha fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Murabbiy hozirda Bahrayn mezbonlik qilayotgan jahon chempionati asosiy tarkib sportchilarining imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazib berayotgani, shuningdek, joriy oy Qatarda tashkil etiladigan oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati kuchli zaxira tarkibni koʻzdan kechirish imkoniyatini taqdim etishini taʼkidladi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining taqdimoti muhokama qilindi. Qayd etish joiz, Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp yoʻllanma va medallar jamlanmasi aynan ushbu sport turida oʻynaladi. Biroq terma jamoamiz soʻnggi paytlarda sanoqli litsenziyalar bilan cheklanib qolmoqda.

Suhbatda mazkur jihat tanqid ostiga olinib, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlarida yengil atletikachilarimiz delegatsiyamizga eng koʻp yoʻllanma taqdim etadigan jamoa boʻlishlari lozimligi taʼkidlandi. Taqdimot davomida terma jamoa bosh murabbiyi Goʻzal Xubbiyeva koʻplab dasturlarda iqtidorli yoshlar yetishib chiqayotgani, soʻnggi yillarda oʻtkazilgan xalqaro musobaqalar iqtidorli yoshlarni saralab olishga imkon berayotganini bildirdi.

Yakunda har ikki federatsiya vakillarining Oʻzbekiston delegatsiyasini boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash boʻyicha tayyorlanayotgan Prezident qarori loyihasi uchun takliflari belgilab olindi.

Bugun MOQ rahbariyati Qoraqalpogʻistan Respublikasiga joʻnab ketdi va kun davomida ushbu hududdagi sport infratuzilmasi bilan tanishadi.

Text to speech