12 Dekabr 2024 1378

Fargʻonadagi sport muassasalarining faoliyati oʻrganildi

Sport vazirligi hamda MOQ rahbariyatining Respublikamiz boʻylab olib borayotgan oʻrganish ishlari Fargʻona viloyatiga koʻchdi. Bugun rasmiylar viloyatidagi sport taʼlim muassasalariga borib, federatsiyalarning hududiy vakillari bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga viloyat hokimi Xayrulla Bozorov hamrohlik qildi.

Dastlabki manzil Fargʻona Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi boʻldi. Markaz mutasaddilari ishchi guruhga muassasaning imkoniyatlari, faoliyati va oʻquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida umumiy maʼlumot berishdi. Tashrif davomida mashgʻulotlar jarayoni va markaz hududi koʻzdan kechirilib, qator masalalar boʻyicha fikr almashildi.

Shuningdek, Fargʻona tumani va shahridagi 1-son sport maktablari hamda Margʻilon shahridagi sport maktabining faoliyati oʻrganildi. Hududlardagi yoshlarning qaysi sport turiga koʻproq qiziqish bildirishayotganidan kelib chiqqan holda mashgʻulotlar jadvalini shakllantirish, maktablardagi murabbiylarning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Viloyatning 2025-yil va yangi Olimpiya sikli uchun tayyorgarlik rejalari mavzusiga bagʻishlangan yigʻilishi Fargʻona shahar 1-son sport maktabida oʻtdi. Unda viloyat hokimligi masʼullari, soha mutaxassislari, federatsiyalarning viloyat boʻlimi vakillari bilan belgilangan ustuvor vazifalar, xususan, Lazizbek Mullojonov hamda Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev kabi Olimpiada chempionlarini tarbiyalash, kelgusi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishi mumkin boʻlgan fargʻonalik sportchilarning shugʻullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish kabi yoʻnalishlar belgilab olindi.

Text to speech