Bugun o‘rganish ishlari Jizzax viloyatida olib borildi
Sport vaziri Adham Ikramov hamda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi mutasaddilar bugun o‘rganish ishlarini Jizzax viloyatida davom ettirishdi. Ishchi guruhga viloyat hokimi Ergash Saliyev hamrohlik qildi.
Dastlab rasmiylar Dashtobod shaharchasidagi sport maktabida bo‘lishdi. Mazkur muassasa taekvondo WT sport turiga ixtisoslashgan bo‘lib, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Ozoda Sobirjonova ushbu maktab tarbiyalanuvchilaridan hisoblanadi. Mutasaddilar sportchimiz va mazkur zalda mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar bilan uchrashib, ularning rejalari, sharoitlari haqida suhbatlashishdi.
Shundan so‘ng rasmiylar Zomin va Zarbdor tumanlaridagi sport maktablarini ham ko‘zdan kechirishdi. U yerdagi sharoitlar, o‘quvchilarning mashg‘ulotlar jadvali, moddiy-texnik bazalar o‘rganildi va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Jizzax shahridagi velosportning BMX yo‘nalishiga ixtisoslashgan majmua, Sharof Rashidov va Do‘stlik tumanlardagi sport maktablarning faoliyati ham o‘rganilib, yoshlarni sportga yanada keng jalb qilishga doir vazifalar belgilab olindi.
Har bir hududda bo‘lgani kabi viloyatdagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga ham alohida nazar tashlandi. Viloyat futbol akademiyasida o‘tgan o‘rganish ishlari doirasida mutaxassislar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda har bir federatsiyalarning viloyat bo‘limi vakillari va boshqa mutaxassislar bilan yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik bo‘yicha fikr almashildi.



















