MOQ rahbariyati nigohida Sirdaryo viloyatining sport ta’lim muassasalari faoliyati
Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyatining hududlardagi sport infratuzilmasini o‘rganish bo‘yicha olib borayotgan ishlari davom etadi. Bugun rasmiylar Sirdaryo viloyatidagi sport muassasalarini ko‘zdan kechirishdi. O‘rganish jarayonida MOQ rahbariyatiga viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev hamrohlik qildi.
Dastlabki manzil Sirdaryo va Sayxunobod tumanlaridagi sport maktablari bo‘ldi. Qayd etish joiz, hozirda Rossiyaning SSKA klubida faoliyat olib borayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev Sayxunobod sport maktabida futbolning dastlabki sir-asrorlarini o‘rgangan. Suhbat davomida mutasaddilarga har bir yo‘nalishda Abbosbekdek iqtidor egalarini topish, seleksiyaga ko‘proq ahamiyat qaratish borasida tavsiyalar berildi.
Mutasaddilar o‘rganish ishlari davomida yosh sportchilarning shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, muassasalarning moddiy-texnik bazasini ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, o‘yin sport turlari va yengil atletika, gimnastika va suv sporti turlariga ixtisoslashgan sport maktablarida ham bo‘lishdi. Har bir maktabdagi tashrifda mashg‘ulotlar jarayoni ko‘zdan kechirildi va yosh sportchilar bilan muloqot qilinmoqda.
Kun davomida Guliston Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda viloyat futbol akademiyasi ham ko‘zdan kechirildi. Yakunda Sport vaziri Adham Ikramov, Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi viloyat hokimligi mutasaddilari, federatsiyalarning hududiy vakillari bilan yangi rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun terma jamoalarga jalb etiladigan sirdaryolik sportchilar ro‘yxati ko‘rib chiqilib, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida tavsiyalar berildi.