Taekvondochilarimiz jamoaviy dasturda oʻtgan Jahon kubogida bronza medaliga ega chiqishdi
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Xitoyning Usi shahrida tashkil etilgan Jahon kubogidagi ishtirokini yakunladi. Jamoaviy dasturda kechgan bugungi bellashuvlarda hamyurtlarimiz bronza medallariga sazovor boʻlishdi.
Yarim finalda mezbonlarga imkoniyatni boy bergan yurtdoshlarimiz bronza medali uchun kechgan bellashuvda ushbu sport vatani hisoblangan Koreya Respublikasi bilan bahs olib borishdi. Shiddatli qarama qarshilikda jamoamiz 2:0 hisobida ustun kelib, bronza medallariga ega chiqdi.
Bellashuvlarda Jasur Jaysunov (-80 kg), Shuhrat Salayev (+80 kg), Feruza Sodiqova (-67 kg) va Gulsanam Alijonova (+67 kg) yurtimiz sharafini himoya qilishdi. Ushbu muvaffaqiyat vakillarimizga jahon reytingi uchun qimmatli ochkolarni taqdim etadi.