Los-Anjeles-2028: Voleybolchilarimiz ham tarixiy yo‘llanma olish ilinjida
Voleybol so‘nggi yillarda yurtimizda rivojlanib borayotgan jamoaviy sport turlaridan biri. O‘zbekiston voleybol federatsiyasining Xalqaro voleybol federatsiyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi natijasida yurtimizda bir qator musobaqalar tashkil etilmoqda. Bunday yuksalish bo‘lajak Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun umid beradi.
Shu asosda Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati mamlakat voleybol federatsiyasining yaqin 4 yillik rejalariga bag‘ishlangan taqdimoti bilan tanishdi. Rasmiylarni Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev qarshi oldi va mavzu yuzasidan umumiy ma’lumot berdi.
Hozirgacha Olimpiya o‘yinlarining voleybol bahslarida 12 tadan jamoa ishtirok etgan. Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlarida jamoalar soni 16 taga oshishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, mutaxassislar O‘zbekiston erkaklar terma jamoasida imkoniyat mavjud ekanini bildirishdi.
Federatsiya mas’ullari o‘z taqdimotlari davomida mintaqaviy musobaqalarda ishtirok etish orqali jamoamizning salohiyatini oshirish ko‘zda tutilganini ma’lum qilishdi. Shuningdek, sohil voleyboli dasturida ham bu boradagi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.
2025-yil poytaxtimiz ushbu sport turida yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qiladi. Aynan mazkur musobaqa Olimpiya sikliga tayyorgarlik ko‘radigan tarkibni aniqlab olish, xato va kamchiliklarni ko‘zdan kechirish imkoniyatini taqdim etishi ta’kidlandi.