6 Dekabr 2024 1050

Surxondaryo viloyatining sport infratuzilmasi oʻrganilmoqda

Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi mutasaddilar bugun Surxondaryo viloyatidagi sport infratuzilmasini oʻrganishdi. Rasmiylarni viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov kutib oldi. Mutasaddilar dastlab Termiz shahridagi Sportning yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida boʻlishdi.

Ayni kunlarda Termiz sport kurashlari boʻyicha U15 yosh toifasidagi mamlakat birinchiligi bahslariga mezbonlik qilmoqda. Mutasaddilar musobaqa jarayonini kuzatib, terma jamoa murabbiylar shtabi bilan iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni kuzatish borasida tavsiyalar berib oʻtdi.

Tashrif davomida viloyat Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Termiz shahar sport maktabi, suv sporti turlariga ixtisoslashgan sport maktabi ham koʻzdan kechirildi. MOQ rahbariyati oʻquvchi yoshlar bilan suhbatlashib, ularning maqsadlari va mashgʻulotlar jadvali bilan tanishdi. Shuningdek, har bir sport obyektining moddiy texnik bazasi va ularning qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham oʻrganildi.

Rasmiylar mutaxassislar bilan suhbatda viloyatning yakkakurash sport turlaridagi muvaffaqiyatlarini alohida eʼtirof etib, endilikda jamoaviy va boshqa yoʻnalishlarda ham natijalar koʻrsatish muhimligini taʼkidlashdi.

Oʻrganish ishlari yakunida sport federatsiyalarining viloyatlardagi boʻlimlari bilan Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha fikr almashildi.

Text to speech