7 Dekabr 2024 1182

Los-Anjeles-2028: Mamlakat stol tennisi federatsiyasining rejalari muhokama qilindi

MOQ rahbariyati joylarda sport federatsiya va assotsiatsiyalarining yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik rejalari bilan tanishmoqda. Bugun mutasaddilar Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasining bu boradagi taqdimotini tahlil qilishdi.

Stol tennischilarimiz shu paytgacha Afina-2004 va Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishgan. Uchrashuvda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga ham erkaklar, ham ayollar terma jamoamiz vakillarining yoʻllanma olishlari kerakligi, buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi maʼlum qilindi.

Federatsiya masʼullari ushbu sportda qitʼa va jahon miqyosida raqobatning kuchli ekanidan kelib chiqqan holda Olimpiada litsenziyalari mintaqaviy saralash turniri orqali qoʻlga kiritilishi koʻzda tutilganini taʼkidlashdi. MOQ rasmiylari sportchilarimizning jahon reytingidagi oʻrinlarini kuchaytirish, muntazam nufuzli musobaqalardagi ishtiroklarini taʼminlash boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdilar.

Qolaversa, uchrashuvda stol tennisini mamlakatimizda yanada ommalashtirish borasida belgilangan rejalar haqida ham soʻz bordi. Suhbat davomida qizlarimizning oʻz yosh toifalarida jahon chempionatlarida ishtirok etib kelishayotganidan kelib chiqqan holda ularning salohiyatini yanada oshirish maqsadida koʻproq xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish boʻyicha takliflar bildirildi.

Text to speech