“Pro-liga” karvonboshiligi, oldindagi vazifa yoxud “Olimpik”ning yarim yillik faoliyati sarhisob qilindi
Barchangizga maʼlumki, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, unga futbol yo‘nalishida ham litsenziya qo‘lga kiritish maqsadida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshida “Olimpik” futbol klubi tashkil etilgan. Klub aynan Parij-2024 Olimpiadasida ishtirok eta oladigan yosh avlod vakillaridan tuzilgan bo‘lib, jamoani bo‘lajak Olimpiya terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze boshqarib kelmoqda.
O‘zbek futboli tarixida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida ilk bor joriy etilgan mazkur amaliyot o‘z samarasini bermoqda. Pro-ligada ishtirok etayotgan jamoamiz hozirda 26 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadamlik qilib turibdi. Bugun ushbu jamoaning birinchi yarim yillikdagi faoliyatiga bag‘ishlangan hisoboti bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, uning birinchi o‘rinbosari va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Saken Polatov, “Olimpik” rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar ishtirok etishdi.
Yig‘ilish avvalida Timur Kapadze birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar, jamoa faoliyati, mashg‘ulotlar tartibi va yaqin rejalar xususida gapirib o‘tdi.
“Futbolchilarimizga Superliganing bir qator klublaridan takliflar bor. Bu bizni xursand qiladi, albatta. Bu yigitlar futbol bo‘yicha O‘zbekiston MTJning ertasi. Oldimizda katta maqsad turibdi. Uni birgalikda uddalashimizga ishonamiz. Bu qo‘limizdan keladigan ish. Biz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan hukumatimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Futbolchilarimizga tartib-intizom va to‘g‘ri ovqatlanishdan tortib, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘rgatib boryapmiz”, – dedi bosh murabbiy.
Shundan so‘ng jamoa shifokori va nutritsiologi o‘z yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar, yigitlarni o‘yindan o‘yinga tiklash jarayoni, vitaminizatsiya va sohaga oid bir qator mavzularda hisobot berishdi.
Shundan so‘ng taniqli futbol arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor ota Imomxo‘jayevning O‘FA va futbolchilarimizga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi.
Tadbir davomida OAV vakillari jamoa mutasaddilariga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, ko‘tarilgan mavzular bo‘yicha batafsil fikr almashildi.
Hozirda Pro-ligada yozgi taʼtil vaqti. Jamoa mavsumning ikkinchi yarmiga tayyorlanish uchun ertaga Belarusga yo‘l oladi.