5 Dekabr 2024 1025

Los-Anjeles-2028: Triatlonchilarimiz tarixiy yoʻllanma qoʻlga kiritish niyatida

Sport federatsiya va assotsiatsiyalarning yangi Olimpiya davri uchun tayyorgarlik rejalari bilan tanishish ishlari davom etadi. Bugun MOQ rahbariyati dastlab Oʻzbekiston triatlon federatsiyasiga tashrif buyurib, ushbu sport turining taqdimotini koʻzdan kechirdi.

Qayd etish joiz, oʻzbekistonlik atletlar shu paytgacha ushbu sport turida Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishmagan. Federatsiya bosh kotibi Yelena Kun triatlonchilarimiz Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlarida uzoq kutilgan yoʻllanmani taqdim etishni maqsad qilishgani haqida toʻxtalib oʻtdi. Bu borada sportchilarimizning imkoniyatlari yetarli baholanib, muhokamada ularning jahon reytingidagi oʻrinlarini koʻtarish uchun amalga oshiriladigan ishlarga koʻproq ahamiyat qaratildi.

Alohida taʼkidlash oʻrinliki, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov mamlakat triatlon federatsiyasidagi boshqaruvi davrida ushbu sport rivojini butunlay yangi bosqichga olib chiqqan edi. Suhbatda Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi vakillari Otabek Muhammadaliyevichning ushbu xizmatlarini alohida eʼtirof etib oʻtishdi.

Yigʻilishda triatlon sportining yurtimizdagi ommaviyligini yanada oshirish yoʻlidagi rejalar ham koʻrib chiqildi. Xususan, Samarqandda muntazam Chellenjer tasnifidagi xalqaro turnirlarni oʻtkazish, bu orqali mehmonlarni boy tariximiz bilan tanishtirish muhimligi taʼkidlandi.

Text to speech