4 Dekabr 2024 244

Kamonchilarimizning nishonida Los-Anjeles-2028 litsenziyalari

MOQ rahbariyati kunning ikkinchi yarmida poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga tashrif buyurdi. Mutasaddilar bu yerda joylashgan Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining bazasida boʻlib, terma jamoamizning yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik rejasi bilan tanishdi.

Federatsiya masʼullari oʻz taqdimotlarida soʻnggi yillarda kamondan otish sportini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtishdi. Xususan, Sport vazirligi, MOQ va Milliy gvardiya qoʻmondonligining yordami bilan ushbu sport ommaviyligi yoshlarimiz orasida sezilarli darajada oshgani, hududlarda kamondan otish bilan shugʻullanuvchilar soni ortib borayotgani haqida maʼlumot berishdi. Shubhasiz, bunday oʻsish yangi Olimpiya siklidagi asosiy yoʻnalishlardan biri – seleksiya ishlarida juda muhim hisoblanadi.

MOQ rasmiylari taqdimot haqida xulosa bildirishar ekan, terma jamoaga xorijiy mutaxassislarni jalb etish, ushbu sport rivojlangan terma jamoalar bilan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini koʻproq tashkil etish kabi tavsiyalarni berib oʻtishdi.

Qayd etish joiz, kamonchilarimiz Parij-2024 Olimpiadasida debyut qilishdi. Kelgusida ular jamoaviy yoʻnalishda ham Olimpiada litsenziyalarini qoʻlga kiritishni maqsad qilishgan.

Kun yakunida Prezident qarori loyihasi uchun velosport va kamondan otish kabi murakkab texnik sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar belgilab olindi.

Text to speech