Los-Anjeles-2028: Boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida eshkak eshuvchilarimizdan ham umid katta
Eshkak eshish Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp medallar jamlanmasi oʻynaladigan sport turlaridan hisoblanadi. Xususan, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlari dasturidan 30 dan ortiq yoʻnalish oʻrin olishi kutilmoqda. Bugun MOQ rahbariyati Oʻzbekiston Rowing&Canoe federatsiya bilan tayyorgarlik rejalarini muhokama qildi.
Dastavval, Tuyaboʻgʻiz suv omboridagi suv sporti turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabining eshkak eshish bazasi, sportchilar yashaydigan yotoqxona, ular shugʻullanadigan suv havzasi va terma jamoaning moddiy-texnik bazasi koʻzdan kechirildi. Qayd etish joiz, asosiy baza yaqinida zamonaviy sharoitlarga ega yana bir kompleks tashkil etilyapti. Oʻrganish ishlarida u yerdagi jarayon ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Federatsiya mutasaddilari taqdimot davomida Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo hamda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha taqdimotlarini namoyish etishdi. Unda Olimpiya dasturidagi ekipajlarni shakllantirishga koʻproq ahamiyat berilishi, barcha masofalarda raqobatbardosh tarkiblarni tayyorlash haqida soʻz bordi. Yakunda Prezident qarori loyihasiga sportchilarni zamonaviy inventarlar bilan taʼminlash borasida takliflar belgilab olindi.