E’tibor markazida dzyudo va tennis federatsiyalarining rejalari
Federatsiya va assotsiatsiyalarning yangi Olimpiya davriga tayyorgarlik rejalari taqdimoti davom etadi. Navbatdagi manzil O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bo‘ldi.
Mutasaddilar dastavval dzyudo sportining istiqbolli rejalari bilan tanishishdi. Taqdimotni federatsiya raisi Azizjon Kamilov o‘tkazdi. Bunda ushbu sportning ommaviyligini oshirishdan tortib, asosiy jamoaga nomzod polvonlarni saralab olish metodikasi, poytaxtimizda muntazam “Katta dubulg‘a” kabi nufuzli musobaqalarni o‘tkazish, terma jamoalarga yanada ko‘proq xorijlik kuchli mutaxassislarni jalb qilish kabi mavzular batafsil ko‘rib chiqildi. Shuningdek, har bir vazn toifasida ichki raqobatni yanada kuchaytirish, bir xil saviyaga ega tarkiblarni shakllantirish kabi takliflar ilgari surildi.
Shundan so‘ng rasmiylar O‘zbekiston tennis federatsiyaga tashrif buyurishdi. Qayd etish joiz, so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida ushbu sport turida delegatsiyamiz litsenziya qo‘lga kirita olmadi. Suhbat davomida terma jamoada avlodlar almashinuvi sabab shunday holat yuzaga kelgani ta’kidlandi. Hozirda bir qator iste’dodli raketka ustalari yetishib chiqayotgani, ular jahon reytingida yuqori pog‘onalarga ko‘tarilayotgani qo‘shimcha qilindi.
O‘rganish ishlari davomida rasmiylar har ikki federatsiyaning moddiy-texnik bazasini ko‘zdan kechirishdi. Yakunda terma jamoalarni zamonaviy inventarlar bilan ta’minlash bo‘yicha mutaxassislardan fikrlar olindi va tayyorlanadigan Prezident qarori loyihasiga taklif kiritilishi bildirildi.