2 Dekabr 2024 224

Rasmiy bayonot

Bugun Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Onlayn formatda tashkil etilgan majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Sport vazirligining murojaatini koʻrib chiqish ham oʻrin oldi.

OOK mutasaddilari yurtimizga tashrif buyurib, mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho bergan. Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi faqatgina yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun emas, majmuani kelgusida oʻzbek sportining taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy-metodik klasterga aylantirish koʻzda tutilgan. Unda zamonaviy sport obyektlaridan tashqari Sport vazirligi, koʻplab federatsiya va assotsiatsiyalar, sport akademiyasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi kabi inshootlar ham oʻrin olib, bu maskanda terma jamoalarimizni tayyorlashdagi nazariya va amaliyot birlashadi.

Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda Oʻzbekiston tomoni OOKdan musobaqani yana bir yilga surishni soʻradi.

Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 oʻsmirlar yozgi Olimpiya oʻyinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari 2025-yilda tashkil etilishi muhimligini bildirdi.

Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo oʻyinlari mezbonligini Bahraynga topshirdi va Oʻzbekistonga Islom birdamligi oʻyinlari yoki Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishni tavsiya qildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda. Shu maʼnoda, Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi taʼminlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini oʻtkazishga har tomonlama tayyor boʻladi.

Text to speech