2 Dekabr 2024 199

Bokschilarimizning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi koʻrib chiqildi

MOQ rahbariyati joylarda federatsiya hamda assotsiatsiyalar, ularga qarashli oʻquv-mashgʻulot bazalariga tashrif buyurib, terma jamoalarimizning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejalari bilan tanishishni boshladi. Dastlab Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz gʻaznasiga muntazam qimmatli medallarni taqdim qilib kelayotgan Oʻzbekiston boks federatsiyasining yaqin 2 va 4 yillik rejalari koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston boks federatsiyasi rasmiylari ishtirok etishdi.

Rasmiylar bokschilarimizning Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokini keyingi Olimpiadalarda ham davom ettirish lozimligini taʼkidlashdi. Buning uchun terma jamoamizning muhim musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishiga barcha sharoitlarni yaratib berish, seleksiya va farmakologiya yoʻnalishlari boʻyicha ishni yanada kuchaytirish borasida tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ayollar boksi boʻyicha ham bir qator yoʻnalishlar belgilab olindi. Qizlarimiz ham toʻliq tarkibda Los-Anjeles-2028 ga litsenziya olishlari, ayollar boksida ham Olimpiada medalini qoʻlga kiritish ustuvor vazifalardan ekani taʼkidlandi.

Bugun rasmiylar kun davomida Oʻzbekiston dzyudo va tennis federatsiyalariga ham tashrif buyurib, ularning taqdimotlari bilan tanishishlari reja qilingan.

Text to speech