29 Noyabr 2024 431

Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejalarining muhokamalari boshlandi

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari bilan yaqin davr uchun rejalar hamda ularni amalga oshirish mexanizmiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi. Tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, shuningdek, Sport vazirligi, MOQ va sport federatsiyalar hamda assotsiatsiyalar rahbarlari va masʼullari ishtirok etishdi.

Yigʻilish avvalida Adham Ilhamovich ixtisoslashtirilgan sport maktablarining faoliyatini tubdan isloh qilish, ularning asosida viloyatlarda Olimpiya tayyorgarlik bazalarini tashkil etish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi. Qolaversa, federatsiyalar masʼullariga kuchli xorijlik murabbiylarni jalb qilish, ular bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, hududlar bilan ishlash boʻyicha vertikal tizim joriy qilish, joylardagi mavjud infratuzilmani oʻrganish, boʻyicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Otabek Muhammadaliyevich yangi Olimpiya sikliga Muhtaram Prezidentimiz va MOQ raisi Shavkat Mirziyoyevning ishonchlarini oqlagan holda munosib hozirlik koʻrish lozimligi, Osiyo va Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni yanada kuchaytirib, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlarida kuchli oʻnlikdan joy olish belgilanganini taʼkidladi. Buning uchun barcha federatsiyalar va terma jamoalarga hozirdan tayyorgarlikni boshlash, seleksiya, farmakologiya, diyetologiya kabi jihatlarga ham alohida ahamiyat qaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Kun tartibiga asosan muhokama davomida Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasining yaqin 2 va 4 yillik uchun moʻljallangan rejalarining taqdimoti oʻtkazildi. Unda assotsiatsiya raisi Sherzod Tashmatov kompleks musobaqalarga tayyorgarlik, ushbu sport ommaviyligini oshirish, terma jamoalarning samaradorligini kuchaytirish va ularni asosiy startlarga puxta tayyorlash kabi yoʻnalishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Yigʻilishda kelasi haftadan har kuni 2 tadan federatsiya bilan terma jamoalarning bazalariga tashrif buyurgan holda mutaxassislar va barcha masʼullar ishtirokida ana shunday rejalar muhokama qilinishi, keyingi bosqichda MOQ rahbariyati va masʼullar Respublikadagi barcha hududlarga tashrif buyurgan holda mavjud vaziyat oʻrganilishi kelishib olindi. Yakuniy xulosa asosida Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Prezident qarori loyihasi tayyorlanishi belgilandi.

Text to speech