28 Noyabr 2024 295

Yangi Olimpiya davriga tayyorgarlik rejalari muhokama markazida

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida yangi Olimpiya sikliga munosib tayyorgarlik koʻrish, Qoʻmita faoliyatini izchil yoʻlga qoʻyish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi masʼullari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Milliy Olimpiya qoʻmitasi faoliyatini tizimli takomillashtirib borish, uning maqsadli va natijaga yoʻnaltirilgan ish rejasi asosida samarali faoliyat yuritishi belgilab olindi. Buning uchun Qoʻmita mutasaddilarining oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli ish rejalarini shakllantirish, Sport vazirligi, hududiy hokimliklar, federatsiya va assotsiatsiyalar bilan hamjihatlikda ish yoʻlga qoʻyish lozimligi bildirildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasini Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya, Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorlash, buning uchun terma jamoalarimizga barcha sharoitlar yaratish va ularga xorijdan malakali mutaxassislar jalb etish kabi ustuvor mavzular borasida fikr almashildi.

Text to speech