Para-suzuvchilarimiz Armanistonda yig‘in o‘tkazishmoqda
Tokio shahri mezbonlik qiladigan yozgi Paralimpiya o‘yinlariga ham tobora oz muddat qolmoqda. O‘zbekistonlik para-sportchilar ham ushbu nufuzli musobaqada munosib ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Ayni paytda para-suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakillari Armanistonning Saxkadzor shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. Mazkur yig‘in Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida muhim ahamiyatga ega.
Mashg‘ulotlarda Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan barcha suzuvchilarimiz ishtirok etishmoqda. Saxkadzor bazasi dengiz sathidan 1825 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, mashg‘ulotlarda sportchilarimizning jismoniy tayyorgarligini kuchaytirishga ahamiyat qaratilgan. 24-iyunda boshlangan yig‘in 15-iyulga qadar davom etadi.