8 Iyul 2021 1906

“Barselona” akademiyasi murabbiyi Toshkentda

Ayni paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan bolalar-o‘smirlar futboli va hududlardagi futbol akademiyalari faoliyatini jahon standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu maqsadda ayni kunlarda “Barselona” akademiyasida 11 yildan beri murabbiylik qilib kelayotgan va o‘ziga xos futbol metodologiyasini ishlab chiqqan David Sanches poytaxtimizda bo‘lib turibdi.

“”JFL-Tashkent Football School” futbol maktabi bilan yaxshi aloqalarga ega bo‘lgan ispaniyalik mutaxassis akademiya murabbiylariga mahorat darslarini o‘tib bermoqda. Hamkorlik doirasida JFL-futbol maktabi tarbiyalanuvchilarining Ispaniyada tashkil etiladigan futbol akademiyalari o‘rtasidagi nufuzli musobaqada ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ispaniyada tashkil etiladigan yig‘inlarda “Barselona” yoshlar jamoalari bilan nazorat o‘yinlari o‘tkazish ham reja qilinmoqda.

Тajribali mutaxassis O‘FA Majlislar zalida respublikamizning turli hududlaridan kelgan futbol maktablari murabbiylariga seminar mashg‘ulotlarini o‘tib berdi. O‘quv-mashg‘uloti murabbiylar bilan ochiq savol-javob shaklida o‘tkazildi.

Seminar davomida David Sanches yosh futbol murabbiylariga o‘zining foydali tavsiyalarini berib o‘tdi va ularga o‘zi ishlab chiqqan futbol metodologiyasini prezentatsiya shaklida namoyish etdi.

Tadbir yakunida MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ispaniyalik mutaxassisga minnatdorchilik bildirib, muntazam hamkorlikka va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga taklif etdi.

Text to speech