Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining navbatdagi Bosh Assambleyasi oʻtkazildi
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining navbatdagi 41-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Bosh Assambleya aʼzolari, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼullari ishtirok etishdi. Unda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyatining tarkibi qayta shakllantirib olindi.
Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi va MOQ nizomiga asosan har bir Olimpiya siklida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining rahbariyati tarkibi qayta shakllantirib olinishi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Qayd etish joiz, Prezidentimiz 2022-yil 23-may kuni Sport vaziri Adham Ikramovga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha topshiriq bergan edilar. Shu bois, Adham Ilhamovich Bosh Assambleya avvalida ortda qolgan Olimpiya siklida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Tadbirda soʻz olgan Bosh vazir qoʻlga kiritilgan yutuqlar haqida toʻxtalar ekan, toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar, kutilgan natijani qayd etmagan federatsiyalar xususida tanqidiy fikr bildirdi.
Shundan soʻng kun tartibidagi boshqa masalalar koʻrib chiqildi. Dastavval, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga yangi rahbar saylandi. Abdulla Nigmatovich ushbu lavozim uchun nomzod haqida toʻxtalar ekan, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish lozimligi, mamlakatimizning koʻp ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich nomzodini ilgari surdi. Nomzod barcha delegatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi va Sh.M.Mirziyoyev Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining raisi etib saylandi.
Shuningdek, Qoʻmita raisining oʻrinbosarlari tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga muvofiq, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov MOQ raisining birinchi oʻrinbosari, Oybek Kasimov Bosh kotib va Sherzod Tashmatov rais oʻrinbosari lavozimiga saylanishdi. Tadbir davomida Qoʻmitaning yangilangan ustavi ham tasdiqlab odindi. Shuning bilan, MOQning 41-Bosh Assambleyasi oʻz ishini yakunladi.