8 Iyul 2021 2049

Bahodir Jalolov va Dmitriy Xvanni tabriklaymiz!

Bugun taniqli bokschimiz, jahon chempioni Bahodir Jalolov va taekvondo bo‘yicha murabbiy Dmitriy Xvan o‘z tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.

Bahodir Jalolov 1994-yil 8-iyul kuni Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Jalolov Boks bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempioni hisoblanadi. 2019-yil Yekaterinburgda o‘tgan JCHda zafar quchgan hamyurtimiz musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topilgan. Shuningdek, ushbu muvaffaqiyatidan so‘ng muhtaram Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Professional boksda 8 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida nokaut bilan g‘alaba qozongan. Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi. 2020-yil Iordaniyada o‘tkazilgan Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirda zafar quchib, yana bir Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.

Dmitriy Xvan 1980-yil 8-iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Taekvondoning WT yo‘nalishi bo‘yicha terma jamoamizning tajribali murabbiylaridan biri. Uning shogirdlari orasida ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindori, Rio-2016 va Tokio-2020 Olimpiadasining litsenziati Nigora Tursunqulova, o‘smirlar o‘rtasida JCH finalchisi Amir To‘rayev kabi taekvondochilarimizni uchratish mumkin. 2018 yil “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi har ikki vakilimizni bugungi tavallud ayyom bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik ulkan g‘alabalar tilab qoladi.

Text to speech