20 Noyabr 2024 562

Oʻzbek sporti uchun eng esda qolarli kun ...

Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida Olimpiya oʻyinlarida qatnashishni boshlagandan beri koʻplab tarixiy sanalarga guvoh boʻldik. Ulardan biri 2024-yilning 10-avgust kunida Parijda oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga toʻgʻri keladi.

Oʻshanda nafaqat oʻzbekistonlik muxlislar, balki, dunyo sport hamjamiyatining eʼtibori bizning atletlarga qaratilgan edi. Boisi, Olimpiya oʻyinlari yakunlanishiga 1 kun qolganida sportchilarimiz medallar va rekordlar “yomgʻiri”ni taqdim etishgan.

Oʻsha kechada Razambek Jamalov (erkin kurash), Abdumalik Xalokov (boks), Bahodir Jalolov (boks) 4 yillikning eng muhim musobaqasida oʻz vazn toifasida tengsiz ekanligi koʻrsatishdi. Akbar Joʻrayev (ogʻir atletika) va Svetlana Osipova (taekvondo) esa kumush medallari bilan Oʻzbekiston delegatsiyasining tarixiy natijasiga hissa qoʻshishdi.

Shu kuni qoʻlga kiritilgan 3 ta oltin va 2 ta kumush medallari sabab 10-avgust sanasi Oʻzbekiston delegatsiyasining Olimpiya oʻyinlaridagi eng sermahsul kuni sifatida yodda qolmoqda. Qolaversa, bu 60 dan ortiq mamlakatning barcha Olimpiya oʻyinlaridagi toʻplagan medallaridan yaxshiroq koʻrsatkich boʻldi.

Sportchilarimiz bu natijalar bilan toʻxtab qolmay, yangi marralar sari yurishni allaqachon boshlab yuborishgan.

Text to speech