6 Iyul 2021 1925

Tarixiy natija qayd etgan triatlonchilarimiz tantanali kutib olindi

3 iyul kuni Ispaniya qirolligiga qarashli Kanar orollarida triatlon bo‘yicha harbiylar o‘rtasida IRONMAN LANZAROTE jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Bugun erta tongda mazkur musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, sportimizda yana bir tarixiy natija – yakkalik yo‘nalishda oltin, jamoaviy bahsda kumush medal qo‘lga kiritgan qahramonlarimiz Toshkentga qaytib kelishdi.

Delegatsiyamizni tantanali kutib olish marosimida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farruh Nosirov, Mudofaa Vazirligi mutasaddilari va ko‘p sonli OAV ishtirok etishdi. Mutasaddilarimiz atletlarimizni qarshi olishar ekan, ularning qo‘lga kiritilgan dastlabki yirik yutuq bilan qutlab o‘tishdi.

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbariyatining so‘nggi 1.5 yil ichida olib borgan keng ko‘lamdagi ishlari sekin-asta meva bera boshladi. Musobaqa haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, IRONMAN LANZAROTE triatlonning eng murakkab yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda sportchilar tom maʼnoda o‘z irodalarini namoyish etishadi.

Reglamentga ko‘ra, ushbu dasturda sportchilar dastlab Atlantika okeanida 3,8 km masofaga suzishadi. So‘ng orolning tog‘li hududlari bo‘ylab 180,2 km yo‘lni velosipedda bosib o‘tishadi. Yakunda esa marafon (42,195 km) yo‘nalishida yugurishadi. Mazkur masofalar hech qanday dam olishsiz, bir vaqtning o‘zida bosib o‘tilishini inobatga olsak, finishgacha yetib kelishning o‘zi g‘alabaga teng deyish mumkin. Ayollar o‘rtasida 18-24 yosh vakillari orasida ishtirok etgan yurtdoshimiz Alina Hakimova o‘z toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Triatlonchimiz yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan dasturni 10 soat, 53 daqiqayu 14 soniyada bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, bu ayollar o‘rtasida umumiy klassifikatsiyada oltinchi ko‘rsatkich ham demakdir. Musobaqada jamoamiz umumiy hisobda kumush medallarga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mamlakat triatlon federatsiyasini qo‘lga kiritilgan ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, triatlonchilarimizning kelgusi faoliyatida ham ulkan zafarlar tilab qoladi.

Text to speech