13 Noyabr 2024 134

Barpo etilayotgan Sport tibbiyoti markazlarining loyihalari muhokama markazida

Poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasi hududida eng soʻnggi qulayliklarga ega tibbiyot markazi ham barpo etilmoqda. Sport vazirligida obyekt foydalanishga topshirilgach uning faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish mavzusiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Vazir Adham Ikramov boshchiligida oʻtgan uchrashuvda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojitdinov ishtirok etishdi.

Yigʻilish avvalida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi Adham Ikramov sport tibbiyotining bugungi kundagi ahamiyati, terma jamoalarimizning soʻnggi yutuqlarida mazkur yoʻnalishning ham katta hissasi borligini eʼtirof etdi. Shu bois, boʻlajak tibbiyot markazi oldinda turgan gʻalabalar uchun ham salmoqli ulush qoʻshishi lozimligini bildirdi.

Uchrashuv davomida obyektning zamonaviy texnikalar bilan jihozlanishi, atletlarimiz uchun koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarni yanada yaxshilash, ular uchun qulay sharoitlar yaratish borasida soʻz yuritildi. Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanida qurilayotgan futbol boʻyicha milliy terma jamoalar markazi hududidagi Sport tibbiyoti va reabilitatsiya boʻlimi loyihasi ham muhokama qilindi.

Yigʻilishda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik ham koʻrib chiqildi. Unda Oybek Kasimov umumiy jarayon haqida maʼlumot berib, mavjud masalalar hal qilinayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi.

Text to speech