Toshkent-2025: OOK protokol menejeri tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
Ayni kunlarda Qatar Sport va Olimpiya muzeyi direktori, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning protokol menejeri Abdulla Al Mulla yurtimizda boʻlib turibdi. Mehmon tashrifi davomida oʻz yoʻnalishida Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishmoqda.
Janob Al Mulla dastavval Olimpiya shaharchasida boʻlib, u yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Shundan keyin MOQda oʻz xulosalari bilan oʻrtoqlashdi. Uchrashuvda Qoʻmita Bosh kotibi, Toshkent-2025 direksiyasi direktori Oybek Kasimov, shuningdek, Oʻyinlar direksiyasining xodimlari ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida protokol boʻyicha tayyorgarlik rejasi batafsil koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, Oʻyinlarning tantanali ochilish va yopilish marosimlariga olib borilayotgan hozirlik, musobaqa mehmonlari uchun yaratiladigan sharoitlar, faoliyat olib boradigan koʻngillilarni toʻgʻri taqsimlash kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yaqinda yurtimiz mezbonlik qilgan futzal boʻyicha jahon chempionati aʼlo darajada tashkil etilgani alohida eʼtirof etildi. Oʻz navbatida, Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari ham yuqori saviyada oʻtkazilishi aytib oʻtildi. Yigʻilish yakunida direksiya xodimlari mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.