5 Iyul 2021 2340

Zabelinskaya Turkiyada g‘olib, Kuskova esa “Eng yaxshi” bo‘ldi

Velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ayni paytda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari olib borishmoqda. Yig‘in davomida sportchilarimiz shosse yo‘nalishida xalqaro musobaqada ham ishtirok etishdi.

Turkiyaning Kahramanmarash shahrida 107 km masofaga ayollar o‘rtasidagi poyga tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina mamlakatlaridan 30 dan ortiq sportchi ishtirok etdi.

Quvonarlisi, bahslarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Olga Zabelinskaya barcha raqibalaridan tezroq marraga yetib keldi va musobaqa g‘olibasiga aylandi.

Shuningdek, yosh velosportchimiz Yanina Kuskova marraga o‘ninchi bo‘lib yetib keldi. Bu yoshlar toifasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu bois Kuskova musobaqaning “Eng yaxshi yosh poygachisi” deb topildi.

Musobaqada qatnashgan boshqa velosportchilarimizning natijasi esa quyidagicha ko‘rinish oldi:

Sofiya Karimova – 21
Madina Qahhorova – 24
Anna Kulikova – 25
Shahnoza Abdullayeva – 26

Bundan tashqari, kecha erkaklar o‘rtasida 167 km masofaga (dengiz sathidan 4700 metr balandlikda) poyga bahslari ham tashkil etildi. Ushbu musobaqada qatnashgan yigitlarimizdan Aleksey Fomovskiy 22-natijani ko‘rsatdi. Shuningdek, bahslarda qatnashgan Akrom Sunnatov va Danil Yevdokimov kuchli 50 nafar sportchi orasidan o‘rin oldi. Ushbu musobaqa yosh velosportchilarimiz uchun o‘ziga xos tajriba vazifasini bajarib bersa, Zabelinskaya uchun Olimpiada oldidan sinov bo‘lib xizmat qildi.

Eslatib o‘tamiz, velosportchilarimizning 30-iyun kuni boshlangan yig‘inlari 19-iyulda o‘z yakuniga yetadi.

Text to speech