7 Noyabr 2024 196

IWF prezidenti ogʻir atletika boʻyicha ikki muhim musobaqa oʻtkaziladigan obyekt bilan tanishdi

Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasiga Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Muhammad Jalud tashrif buyurdi. Unga Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamrohlik qildi.

Tashrif dastlab Qoʻmita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini koʻzdan kechirishdan boshlandi. Unda Markaz direktori Kamol Sirojitdinov sportchilarning davolanishi, reabilitatsiya jarayoni va ularga koʻrsatiladigan tibbiy xizmat haqida batafsil maʼlumot berdi. Muhammad Jalud Markazda yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Shundan soʻng martabali mehmonni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. IWF prezidentiga Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlari, shuningdek, kelasi yil poytaxtimizda oʻtadigan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga koʻrilayotgan tayyorgarlik boʻyicha taqdimot namoyish etildi. Unga koʻra, har ikki musobaqa Olimpiya shaharchasida qad rostlayotgan velodromda tashkil etiladi. Mutasaddilar taqdimotda majmua ogʻir atletika bellashuvlari uchun qanday tayyorlanishi, mehmonlar uchun yaratiladigan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berishdi. Qayd etish joiz, 2025-yilning may-iyun oylariga belgilangan boʻlajak dunyo birinchiligi yoshlar Osiyo oʻyinlari oldidan sinov musobaqasi vazifasini bajarib beradi.

Oʻz navbatida, Muhammad Jalud Oʻzbekistonning bu kabi yirik musobaqalarni oʻtkazishda tajribasi kattaligi haqida gapirib, oldindagi turnirlarni avvalgilaridan ham yaxshiroq oʻtkazishiga ishonch bildirdi. Tadbir davomida doʻstona aloqalarni yanada mustahkamlash, oldinda turgan musobaqalarga hamkorlikda tayyorgarlik koʻrish kabi yoʻnalishlar boʻyicha fikr almashildi.

Text to speech