6 Noyabr 2024 567

MOQ dopingga qarshi kurash mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga mezbonlik qildi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida “Dopingga qarshi kurash: erishilgan natijalar, axloqiy, huquqiy va tibbiy jihatlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojitdinov, shuningdek xalqaro va mahalliy mutaxassislar ishtirok etishdi.

Konferensiyada dastlab Butunjahon antidoping agentligi (WADA) prezidenti Vitold Bankaning ishtirokchilarga yoʻllagan videomurojaati tinglandi. Unda WADA rahbari yurtimizda nafaqat sport, balki, antidoping sohasiga ham hukumat darajasida eʼtibor berilayotganligi, buning natijasida Oʻzbekiston antidoping sohasida rivojlangan davlatlarning 1-guruhidan joy olganligini alohida taʼkidladi va konferensiya ishiga omad tiladi.

Shundan soʻng, Shahrullo Mahmudov oʻzbekistonlik sportchilarning jahon arenalarida katta natijalarga erishayotganligi va bu kabi tadbirlar ularning bilim va koʻnikmalarini yanada oshirishini aytib oʻtdi. Konferensiya davomida Abdushukur Sadikov Oʻzbekistonda doping muammolari va imkoniyatlar (“Oʻzbekistonda antidoping faoliyatining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari”) mavzusida maʼruza qildi va shu bilan konferensiya oʻz ishini boshladi.

Tadbir davomida Janubiy Koreya, Litva, Polsha, Turkiya, Qozogʻistondan taklif etilgan ekspertlar va mahalliy mutaxassislar dopingga qarshi kurashni huquqiy tartibga solish, milliy antidoping qoidalarini ishlab chiqish, sohaga oid huquqiy meʼyorlarni takomillashtirish, shuningdek, sportda taqiqlangan moddalardan terapevtik istisno tarzida foydalanish masalalari yuzasidan tematik taqdimotlar oʻtkazishdi.

Text to speech