Toshkent-2025: Kun tartibida yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlarini translyatsiya qilish va yoritish masalalari
Bugun Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik doirasida yana bir muhim yoʻnalish — musobaqani yoritish va uning translyatsiyasini tashkil qilish boʻyicha uchrashuv tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Asadjon Xodjayev, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) raisi Abdurashid Joʻraboyev, MTRK raisining texnik va texnologik masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Nusrat Hikmatullayev va Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimovlar ishtirok etishdi.
Sir emaski, bu kabi yirik kompleks musobaqalarda mazkur yoʻnalish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan yaqinda Osiyo Olimpiya kengashining maxsus komissiyasi Toshkentga tashrif buyurib, har bir yoʻnalishda Oʻyinlarga koʻrilayotgan tayyorgarlikni koʻzdan kechirgan edi.
Bugungi kunga qadar 3 ta xorijiy kompaniya musobaqalar translyatsiyasini tashkil etish boʻyicha oʻz takliflarini bildirishgan. Uchrashuv davomida ushbu kompaniyalar tomonidan berilgan takliflar ham muhokama etildi. Bundan tashqari, kommunikatsiya, marketing, internet orqali yoritish masalasida ham atroflicha fikr almashildi.
Yakunda bu yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish, musobaqa translyatsiyasi bilan shugʻullanadigan kompaniya vakillari uchun Olimpiya shaharchasi hududidan maxsus shtab tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.