1 Noyabr 2024 516

Oybek Kasimov ANOC Bosh Assambleyasida ishtirok etmoqda

Ayni kunlarda Portugaliyaning Kashkaysh shahrida Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi (ANOC)ning navbatdagi Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbirda Oʻzbekiston nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ishtirok etishyapti.

Bosh Assambleyaning birinchi kunida Olimpiya olamida soʻnggi ikki yilda roʻy bergan muhim voqeliklar, Olimpiya birdamligi dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Unda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Tomas Bax soʻz olib, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yuqori saviyada tashkil etilganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, Dakar-2026 oʻsmirlar yozgi Olimpiya, Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiya hamda Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik boʻyicha tashkiliy qoʻmitalarning hisoboti tinglandi.

Oybek Omilovich tadbir doirasida Tomas Bax, shuningdek, Iordaniya shahzodasi Faysal Al Husayn, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi Prezidenti David Lapartyen, Xalqaro gimnastika federatsiyasi Prezidenti Morinari Vatanabe kabi XOQ Prezidentiligiga oʻz nomzodini qoʻygan mutasaddilar bilan uchrashib, oʻzaro hamkorlikning yangi bosqichlari haqida suhbatlashdi. Qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi MOQ rahbariyati bilan mintaqada soha taraqqiyotiga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashildi. Samimiy ruhda oʻtgan suhbatlarda O.Kasimov mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida Olimpizm rivojini yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar, Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi.

Tadbir doirasida ANOC oʻz talqiniga koʻra yilning eng yaxshilarini eʼlon qildi va turli yoʻnalishlarda munosib deb topilgan sportchilar taqdirlanishdi. Bosh Assambleya bugun oʻz ishini yakunlaydi.

Text to speech