“Universal Jumping Agro” xorijlik ekspertlar nigohida
Toshkentda oʻtgan konkur boʻyicha “World Challenge Final” musobaqasidan soʻng Xalqaro ot sporti federatsiyasining ekspertlari mamlakatimizda qolib, ushbu sport rivoji yoʻlida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishmoqda. Mazkur guruhga “FEI solidarty" departamenti rahbari Andreina Vidrayxtiger boshchilik qilmoqda.
Mutaxassislarni “Universal Jumping Agro” majmuasi qiziqtirib qoʻydi. Soʻnggi davrda yirik xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada oʻtkazayotgan ushbu kompleks jahon standartlariga javob berishi, u yerda otlarning yashashi uchun yorugʻlik darajasi meʼyorida ekani va ularga sifatli ozuqalar berilishi, qolaversa, chavandozlar uchun ham barcha qulayliklar yaratilgani taʼkidlandi. Shuningdek, Andreina Vidrayxtiger bunday sharoit ot sporti rivojlangan dunyodagi barcha davlatlarda ham mavjud emasligini alohida tilga oldi.
Qayd etish joiz, hozirda majmuaning baʼzi qismlarida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Kompleks toʻliq quvvatda ishga tushganidan keyin u yerda yanada yuqori darajadagi turnirlarni oʻtkazish imkoniyati paydo boʻladi.