Velosport faxriysining jasorati eʼtirof etildi
Vatandoshimiz Xursand Sherov bir necha yillardan beri velosipeddagi oʻzining ajoyib sayohatlari bilan shuhrat qozongan. Bu yil hamyurtimiz yana bir ulkan safarni amalga oshirdi. Joriy yilning 1-iyun kuni Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Rossiya-Moʻgʻuliston davlatlari boʻylab sayohatini boshlagan Xursand Nurxonovich 10 ming kmdan ortiq yoʻl yurib, 7-oktyabr kuni oʻz uyiga qaytdi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur safar taassurotlariga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirining maslahatchisi Sharifjon Moʻminjonov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari, Xursand Sherovning yaqinlari va yosh velosipedchilar ishtirok etishdi.
Tadbirda soʻz olgan Sharifjon Fuzaylovich hamda Bahodir Maxsitovich 66 yoshli Xursand Sherovning sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishga qoʻshgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirib, kun qahramoniga esdalik sovgʻalarini taqdim qilishdi. Shuningdek, bir necha faxriylar soʻz olib, X.Sherovning bunday tashabbusi yoshlar uchun oʻrnak va motivatsiya boʻlishini taʼkidlashdi.
Oʻz navbatida, Xursand Nurxonovich davlatimiz rahbari ilgari surayotgan sogʻlom turmush tarzini yanada ommalashtirish, kelgusida yangi manzillar boʻyicha bundan ham yirik safarlarni amalga oshirishni niyat qilganini bildirdi.