30 Oktyabr 2024 373

Velosport bo‘yicha terma jamoamizda xorijlik murabbiylar ish boshlashdi

Bugun O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasining yangi Olimpiada sikli uchun tayyorgarlik dasturi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning so‘nggi yillardagi faoliyati tahlil qilinib, oldinda turgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik dasturi ko‘rib chiqildi.

Tadbirda spiker sifatida qatnashgan “Tashkent City Professional Cycling Team” klubi menejeri Farrux Xudoyqulov yuqoridagi mavzular bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Xususan, terma jamoamiz ilk bor Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 4 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘lgani, klubning xalqaro maydondagi ishtiroki haqida to‘xtaldi. Shundan so‘ng, Toshkent-2025 yoshlar o‘yinlari, Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha dastur bilan tanishtirdi. Unga muvofiq, xorijlik murabbiylar Juzeppe Toni (Italiya), Yoxan Dombrush (Germaniya) Volodimir Starchik (Ukraina) terma jamoamizga jalb etilgan.

Anjuman davomida OAV vakillari bilan muloqot o‘tkazildi va unda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Text to speech