29 Oktyabr 2024 630

Toshkentda yosh sportchilar Butunjahon dzyudo kunining shukuhidan bahra olishdi

“Tashkent City Mall” savdo majmuasida Butunjahon dzyudo kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri oʻtkazildi. Yuzlab yosh dzyudochilar hamda hamyurtlarimizga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlagan ushbu marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, oʻzbek dzyudosining yulduzlari va boshqa rasmiylar ishtirok etishdi.

Tadbirni Shahrullo Sharipovich hamda Oybek Omilovich ochib berishar ekan, dzyudo bugungi kunda mamlakatimiz yoshlarining sevimli sport turlaridan biriga aylanib borayotgani, yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin medal qoʻlga kiritgan ilk ayol atletimiz aynan ushbu sport turi vakili ekani, qolaversa, delegatsiyamizning Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi olamshumul natijasiga dzyudochilarimiz ham oʻz hissalarini qoʻshishganini alohida taʼkidlab oʻtishdi.

Bayram davomida Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova hamda bronza medali sohibi Muzaffarbek Toʻraboyev yosh sportchilarga mahorat saboqlarini koʻrsatishdi. Shuningdek, D.Keldiyorova Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan kimonosini xayriya jamgʻarmasiga sovgʻa qildi. Kimono kimoshdi savdosiga qoʻyiladi va undan tushgan mablagʻ xayriya qilinadi.

Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ilias Iliadis va Muzaffarbek Toʻraboyev oʻz nutqlarida oldinga qoʻyilgan maqsadga erishish yoʻlida tinmay mehnat qilish kerakligi, mamlakatimizda sport bilan shugʻullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgani haqida toʻxtalib, yosh sportchilarga motivatsiya berishdi.

Tadbirning yakuniy qismida anʼanaga muvofiq bolajonlarga shirinliklar ulashildi.

Text to speech