28 Oktyabr 2024 371

Rasmiylar aralash jang san’ati turlari bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlikni muhokama qilishdi

5-10-noyabr kunlari mamlakatimizda ilk bor aralash jang san’ati turlari bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bugun MOQda ushbu musobaqaning tayyorgarlik jarayoniga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Xalqaro aralash jang san’ati federatsiyasi (IMMAF) prezidenti Kerrit Braun, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari Alisher Narbayev va Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida musobaqaning tashkiliy masalalari batafsil ko‘rib chiqildi. Xususan, Oybek Omilovich janob Braunga mamlakatimiz so‘nggi yillarda dzyudo, boks, og‘ir atletika, futzal, eshkak eshish kabi sport turlaridan dunyo birinchiliklarini qabul qilish orqali mahalliy mutaxassislar katta tajribaga ega ekani, bunday malaka bilan aralash jang san’ati turlari bo‘yicha jahon chempionati ham yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, xalqaro mutaxassis diyorimizda yakkakurash turlariga qiziqish yuqoriligi, yurtimizning bu boradagi salohiyatiga hech qanday shubha qilmayotganini bildirdi. Suhbat davomida chempionatning tantanali ochilish marosimi, mehmonlar uchun yaratiladigan sharoitlar, transport-logistika va boshqa masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.

Text to speech