22 Oktyabr 2024 351

Latviyaning sobiq Prezidenti O‘zbekiston MOQda mehmon bo‘ldi

Ayni paytda Latviya basketbol assotsiatsiyasi rahbari, mamlakatning 9-Prezidenti Raymonds Veyonis boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Bugun yevropalik mutaxassislar O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurishdi. 

Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, mamlakatimizda basketbol sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqish mavzusiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Latviyaning yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Reynis Troksha, Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Jasur Akramov, Botir Mirodilov boshchiligidagi O‘zbekiston basketbol federatsiyasi mas’ullari va O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili Eldor Rasulov ham ishtirok etishdi. 

Uchrashuv avvalida Oybek Omilovich faxriy mehmonlarni qutlashdan mamnun ekanini ta’kidlab, ularga yurtimizdagi sport rivojida MOQ va Sport vazirligining federatsiya hamda assotsiatsiyalar bilan olib borayotgan tizimli hamkorligi, terma jamoalarimiz zaxirasini iqtidorli yoshlar bilan boyitish borasida yo‘lga qo‘yilgan seleksiya ishlari, delegatsiyamizning Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan tarixiy natijasi haqida to‘xtaldi. Shuningdek, u davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan jamoaviy sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga hozirdanoq tayyorgarlik boshlangani xususida ma’lumot berib o‘tdi.

O‘z navbatida, janob Veyonis O‘zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyati ko‘pchilikni hayratga solganini alohida tilga oldi. Shundan so‘ng martabali mehmon Latviyaning to‘rt yillikning eng muxim startidagi ishtiroki, o‘z yurtidagi sport rivoji, ushbu sohani moliyalashtirish tizimi haqida gapirib o‘tdi. Qolaversa, u jamoaviy sport turlarida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritish ancha murakkab vazifaligi, biroq O‘zbekiston keng imkoniyatlar mamlakati ekani va ushbu yo‘nalishda ishlarni tizimli tashkil etish orqali bunday yutuqlarga erishish mumkinligini qo‘shimcha qildi. 

Uchrashuv so‘ngida tomonlar hamkorlikning yangi bosqichlari haqida fikr almashishdi.

Text to speech