Dzyudo boʻyicha harbiylar oʻrtasidagi jahon chempionatini yuqori notada tugatdik
Toshkent mezbonlik qilgan dzyudo boʻyicha harbiylar oʻrtasidagi jahon chempionati oʻz yakuniga yetdi. Ma’lum qilganimizdek, musobaqaning soʻnggi kunida jamoaviy dasturda gʻolib va sovrindorlar aniqlab olindi.
Ahamiyatlisi, yigitlarimiz ham, qizlarimiz ham saralashdan muvaffaqiyatli oʻtib, final bosqichigacha yetib kelishdi. Yakunda Fransiyani 3:1 hisobida magʻlub etgan qizlarimiz oltin medallarga sazovor boʻlishdi. Yigitlarimiz esa Moʻgʻulistonga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medallarni qoʻlga kiritishdi.
Shu tariqa, ilk bor yurtimizda tashkil etilgan mazkur yoʻnalishdagi dunyo birinchiligi poyoniga yetdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi unda qayd etilgan ulkan natijalar bilan barcha harbiy sportchilarimiz va ularning murabbiylari, muxlislarimizni qutlab qoladi.